"Bu "zona" rus emaslar uchun". O'zbekistonlik Vladimir tagidagi 6‑sonli axloq tuzatish koloniyasidagi ko'p yillik qiynoqlar va xo'rlashlar haqida so'zlab berdi
Статья
24 ноября 2021, 15:32

"Bu "zona" rus emaslar uchun". O'zbekistonlik Vladimir tagidagi 6‑sonli axloq tuzatish koloniyasidagi ko'p yillik qiynoqlar va xo'rlashlar haqida so'zlab berdi

Jobir Jo'rayev. Surat: otasi tomonidan taqdim etilgan videodan olingan surat

27 yoshli o'zbekistonlik Jobir Jo'rayev yetti yildan buyon Rossiyaning Vladimir viloyatidagi 6-sonli axloq tuzatish koloniyasida jazo o'tamoqda. Uning so'zlariga ko'ra, so'nggi to'rt yil davomida koloniyaning xodimlari va ma'muriyat nazorati ostidagi mahbuslar uni kaltaklashadi, zo'rlash bilan tahdid qilishadi, ochlik bilan qiynashadi, kamsitishadi. Prokuratura va tergov qo’mitasiga qilgan shikoyatlari hech qanday natija bermayapti. "Mediazona" Rossiya koloniyasida qiynoqqa solingan o'zbek haqida hikoya qiladi.

"Robin Gud bo’lgisi keldida"

2015-yilda Jobir Jo'rayev 20 yoshga kirganida, Buxoro viloyatining Olot tumanidan Moskvaga ish topish uchun ketdi. Ma’lumoti bo'yicha oshpaz, Moskvada qurilishda ishlagan. Shu yilning o'zida politsiya uni qo'lga oldi va unga hujjatlar o'g'irlagani va tovlamachilik uchun 11,5 yil koloniyada jazo o’tash muddati berildi. O'shandan beri o'zbekistonlik Vladimir viloyatining Melexovo posyolkasidagi 6-sonli qat'iy rejim koloniyasida bo’lib kelmoqda.

O'zbekistonlikning ishi Moskva viloyati Domodedovo shahar sudi tomonidan ko'rib chiqildi. Hukmga ko'ra, Jo'rayev ikki sherigi bilan birgalikda "boshqa birovning mol-mulkini o'g'irlash maqsadida, quroldan foydalangan holda, uyiga noqonuniy bostirib kirib, zo’ravonlik bilan tahdid qilgan".

Sud ma'lumotlariga ko'ra, Jo'rayev va uning sheriklari o'zbekistonlik jinsiy aloqaga kirib ishlaydigan ayollar yashagan xonadonga kirib kelishgan. Pichoq va qaychi bilan tahdid qilgan erkaklar ishlash imkoniyati uchun pul talab qilishgan. Jo'rayev qizlardan telefon, pasport va oltin zargarlik buyumlarini olib ketgan. Sudda u aybni faqat qisman tan oldi. Jo'rayevning so'zlariga ko'ra, u qizlarni O'zbekistonga qaytarib yubormoqchi bo’lgan, chunki u "fohishalikni sharmandali kasb" deb hisoblaydi.

Jo'rayevning otasi Botir Bozorov o'g'lini "qalbi pok, mehribon" deb ta'riflaydi. "U musulmon, chekmaydi, lekin hozir chekadigan bo'lgan, u yerda [koloniyada] shunaqa ahvolda. Bir xato qildi! Hamma hayotida xato qilishi mumkin. Men bir marta u bilan uzoq vaqtli uchrashuvda bo'lganimda hayron qoldim: u hamma suralarni yoddan biladi, kuniga besh marta namoz o'qiydi, — deydi Bozorov. — Robin Gud bo'lgisi keldida".

"Jinsiy a'zosini chiqaradida, so'rasan deb aytadi"

O'zbekistonlikning otasi va advokati Yuliya Chvanovaning aytishlaricha, Jo'rayev koloniyada doimiy ravishda qiynoqqa solingan va xo’rlangan. Chvanova birinchi marta 2019-yilning kuzida koloniyada Jo’rayev oldiga tashrif buyurdi. U yerda u himoya qilinuvchining uni kaltaklashgani haqidagi hikoyasi bilan video suratga oldi.

"Meni tinch o'tirishga qo'yishmaydi. Xodimlar o'zlari tegajog'lik qilib, kaltaklashadi. Shtabga chaqiradilar, shtabda kaltaklashadi, qamab qo'yishadi, qo'llarimni, oyoqlarimni bog'lashadi. Ovqat berishmaydi, dorilar berishadi. Dorilardan keyin gapirolmay qolaman. Shunday qilib, kecha-kunduz ushlashadi. Ular doim meni "churka, rus emas" deb atashadi", — deydi mahbus, belidagi tayoqlardan zarbalardan qolgan izlarini ko'rsatib.

Videoda Jo'rayev qiynoqlarga aloqador bo'lgan xodimlar va "aktivist" mahkumlarning ismlarini aytadi. 

Himoyachi tergov komissiyasiga murojaat qildi, u yerda Jo'rayevning orqasida sariq rangli ko'karishlar borligini ta'kidladi. Chvanova mahbusni kaltaklanishi haqidagi ma'lumotni tekshirishni va rasmiy vakolatlarni suiiste'mol qilinishi to'g'risidagi moddalar bo'yicha jinoiy ishlar qo'zg'atishni talab qildi.

Jobir Jo’rayevning belidagi ko’karishlar. Surat: uning otasi taqdim etgan videodan kadr

"Men ushbu video bilan chiqqach, ular (koloniyaning, qamoqxona xodimlari — MZ) menga: "u krovatdan yiqilib tushdi", deyishadi. Ular har doim uni aqldan ozganga, boshi joyida emas, salbiy mahbusga chiqarishni istaydilar. Men mahbuslar bilan juda ko'p ishlayman, Jobir salbiy yo'nalish guruhiga tegishli emas. Ma'muriyatning qonuniy talablarini barchasini bajaradi. Men tergov qo’mitasiga, prokuraturaga ariza berdim, ushbu videoni ilova qildim. Shundagina ish sal joyidan qo'zgadi", — deya eslaydi himoyachi. 

Chvanovaning so'zlariga ko'ra, boshqarma uning arizalari bo’yicha tekshiruv olib borgan, ammo tergovchi Jo'rayev oldiga kelganida u shikoyat qilmagan. Keyin Jobir, Chvanovning so'zlariga ko'ra, barcha ko'rsatmalaridan voz kechdi. U uchrashuvga kelganida, qamoqxona nazoratchilari himoyalanuvchi uning xizmatlaridan voz kechganligini aytishdi. Otasi advokatga o'g'lini qo'rqitish bilan voz kechishga majbur qilishganini aytdi.

"Men shunda ham Jobirning oldiga bordim. Uning aytishicha, uni qiynashgan, do'q-popisa qilishgan. Oxirgi marta u menga hech qanday sharoit yo'q xavfsiz joyga joylashtirilganini aytdi. U yerda kalamushlar yugurib yuradi, ovqatni sho'r qilishadi, unga haqqi bo'yicha qo'yilgan narsalar berilmaydi. Unga qarshi jismoniy kuch ishlatilmaydi, lekin u hayotidan qo'rqishini aytdi", — deydi advokat.

Jo’rayevning tanasidagi izlar. Surat: uning otasi taqdim etgan videodan kadr

Tahririyatning tasarrufida bo'lgan videolardan birida Jobir yelkalarida, belida, sonlarining orqa qismidagi, va to'pig'idagi izlarni namoyish etadi. Bu dog'lar sariq va jigarrang rangli yumaloq shaklda. Uning so'zlariga ko'ra, bular tayoqlar va kesilgan quvurlar zarbalari izlari. 

Himoyachining so'zlariga ko'ra, hozirda Jo'rayevni o'z holiga qo'yishdi va u kun bo'yi videokameralar kuzatuvi ostida.

"O'g'lingni o'ldirishyapti"

2020-yilda Jo'rayevning otasi Botir Bozorov Moskvaga keldi. O'zbekistonda u keksa xotinini va ikki farzandini qoldirdi. Bozorov o'g'lini xo’rlashlarini to'xtatishga harakat qiladi va advokatning xizmati uchun to'lash uchun qurilishda ishlaydi. U o'g'lini ozod qilishguncha vafot etishdan qo'rqadi. 

Botir o'g'lining so'zlariga ko'ra, fevral oyida Jobirni ichki kiyimda qishda  sovuqda turishga majbur qilishgan, va bundan so'ng u o'z tomirlarini kesganini aytadi. 

"Men tinch ishlay olmayman, men 52 yoshdaman. Doim qamoqdan qandaydir odamlar yozadi, qo'ng'iroq qiladi, o'g'limni kaltaklashayotganini, xo'rlanayotganini aytishadi. Bir keksa odam qo'ng'iroq qilib: "Sen qanday odamsan o'zi, o'g'lingni o'ldirishyapti. Nahotki, yordam bera olmasang?" — deb aytdi. Internetda o'qigan edim, bitta arman o'ldirilgani haqida, u esa o'g'lim bilan o'tirgan edi. Jobir uni kaltaklashganini ko'rgan. Barcha aybni feldsherga to’nkashdi, lekin aslida u kaltaklangan, qiynoqqa solingan", —deydi otasi.

"Yozmagan joyim qolmadi: FJIEX, Bosh prokuraturaga, prezident devoniga. Hamma joydan "bunday voqea yo'q" degan javob keladi. O'zbekiston elchixonasida esa menga: "Qamoqxonada oson emasku", deyishdi. Bilaman, oson emas, lekin odamni o’lguncha kaltaklashnoqda! Qanaqa natsistlar ular", — deya g'azabi keladi Bozorovni. 

U kishi o'g'lini oqlayotgani yo'q, u shunchaki bolasi tinchgina muddatini o'tashini xohlaydi. U Jobirni boshqa koloniyaga o'tkazish uchun katta pora to'lash kerakligi yoki Moskvada nufuzli qarindoshlar bo'lish kerakligini ta'kidlaydi. Unisi ham bunisidan ham yo'q.

Jo'rayevning Otasi Botir Bozorov. Foto: Madina Kuanova / Mediazona

"Bu yerda pul muammosi ham bor. To'lagan yashaydi. Men bir marta to'lashimga to'g'ri keldi. Kimdirdan ming dollar yubordim, lekin battar bo'ldi. O'g'limga mening xatlarimni, jo’natmalarimni berishmaydi. Men unga yaxshi narsalar yuboraman, dumba, [tibbiy] niqoblar. Unga faqat bitta niqob berishdi", — deydi Bozorov, suhbat davomida mushtlarini siqib.

"Uning hamma yog'i ko'karib yotgan edi, buyraklari urib ezilgan, qon siydi"

Iyun oyida Bozorov bilan 6-sonli axloq tuzatish koloniyasi sobiq mahbusining onasi sifatida o'zini tanishtirgan, ammo o'zining ismini aytmagan ayol bog'langan. Uning so'zlariga ko'ra, uning o'g'li Jo'rayevning kaltaklanishi haqida bilgan, shuning uchun o’zbekistonlikning otasiga xat yuborishni so'ragan.

Xususan, u yerda o’zbekistonlikning FJIEX xodimlari hamda "aktivistlar" tomonidan 2017-yildan boshlab muntazam qiynoqlari ta'riflangan. Bundan tashqari, anonim xatda Jo’rayevning bo'yniga "osilgan" noqonuniy jazo choralari qayd etilgan.

"Yordam" tashkiloti rahbari, huquq himoyachisi, Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar ishlari bilan shug'ullanuvchi Bahrom Hamroyev 2021-yilda Jo'rayevga yordam bera boshladi. U 6-sonli axloq tuzatish koloniyasini tekshirish, Rossiyaga qarshi ishni qo'zg'atish, Jo'rayev va ushbu koloniyaning boshqa mahbuslarini xo'rlashlarini tekshirish uchun Yevropa qiynoqlarni oldini olish qo'mitasiga (YQOOQ) murojaat qildi.

Qo'mita kotibiyati Jobir Jo'rayev haqida ma'lumot barcha YQOOQ a'zolari e'tiboriga yetkazildi va "Rossiya hukumati bilan muloqot davomida, shuningdek, Rossiya Federatsiyasiga YQOOQning kelajakdagi tashriflarini rejalashtirishda hisobga olinadi", deb javob berdi. Hozir Hamroev inson huquqlari bo'yicha Yevropa sudiga murojaat qilmoqda.

"Mediazona" FJIEXga o'zbekistonlikning qiynoqlari haqidagi xabarlarga izoh berishni so'rab murojaat qildi. Materialning chop etilish vaqtiga qadar hali javob kelmadi.

Koloniyadan kundalik

Bahrom Hamroyev" Mediazona"ga Jo'rayevning otasiga murojaat qilib yozgan koloniyadan eslatmalarini berdi, u yerda ishtirok etgan koloniyaning xodimlari va "aktivistlar" ning ismlari va unga zo’ravonlik qilingan sanalari va holatlarini tasvirlaydi. Kundaliklar o'zbek tilida yozilgan bo'lib, ism va familiyalarning yozilishida xatolar bo'lishi mumkin.

31-iyul 2021-yil. "Ota, agar o'lsam, bu yerda militsionerlar meni o'ldiradi, ular 2020-yildan beri mening ovqatimga dori qo'shadilar. Militsiya meni ko'rsatmalarimdan voz kechishga majbur qildi.

Taratin Roman Viktorovich, Stepanov Mixail Lvovich, Morkovkin Nikolay Nikolaevich, Markeev Artem Alekseevich, Krasnov Dmitriy Aleksandrovich, Fomin Yuriy Aleksandrovich. Xavetskiy Aleksey Viktorovich, Chernichkin Yegor Dmitrievich, Duldaev Bilol Dikalaevich. Va qolgan militsionerlar boshqarmadan chiqqan, ularning ismlarini bilmayman.

Ular boshqarmadan kelib, menga tahdid qilishadi. Mening ustimga siyib tashlashini aytishadi. Ota, agar ular meni zo'rlashsa, men o'zimni o'ldiraman, agar ilojim qolmasa, o'zimni so'yaman. Ular doimo meni qiynashadi, advokat kelganida "rus emas", "advokatingdan voz kech", deyishadi. 2017-yilda ular meni to'lashga majbur qilishdi va men ikki marta pul to'ladim: 40 ming rubl va 10 ming rubl. Aynan, Stepanov, Taratin va Morkovkinga.

Jo'rayevning kundaligidan qon izlari bilan bulg’angan sahifa. Surat: huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev tomonidan taqdim etilgan

Bu militsionerlar meni ruhiy kasallar shifoxonasiga o'tkazishdi. Amadaev Muso Uvaysovich, lagerda chechen eng asosiy iflos odam ota. Fevral oyida meni ruhiy kasallar shifoxonasiga o'tkazishdi, ukollar qilishdi, meni o'ldirmoqchi bo'lishdi.

04.04.2017, 30.05.2017, 09.11.2017, 01.10.2017, 06.04.2018, 28.06.2018, 03.01.2019, 23.03.2019, 02.08.2019, 08.08.2019, 05.11.2019, 04.06.2021. Ota, mana shu sanalarda militsionerlar, ya'ni Stepanov, markeev, Morkovkin, Duldaev, Krasnov meni qiynashdi".

2 avgust 2021-yil. "15.04.2020, 07.05.2020, 24.05.2020 — 26.05.2020, 01.06.2020, 08.06.2020, 09.10.2020, 14.10.2020, 29.10.2020, 31.12.2020, 26.01.2021, 10.02.2020.

Ota, mana shu sanalarda meni qiynashdi, advokatdan voz kechishga zo'rlashdi va mening ustimga siyishdi, ya'ni Fomin, Markeev, Morkovkin, Krasnov, Saakyan, Duldaev, Chernichkin – mana shu militsionerlar meni advokatdan voz kechishga majburlashdi. Advokatning ismi Chvanova Yuliya Sergeyevna.

Ota, ular meni o'zimni osishga majburlashadi doim, o'z jonimga qasd qildirishmoqchi, ota, bunday yashash jonimga tegdi, boshqa sabrim qolmadi. Politsiyachilar o'z jinsiy a'zolarini chiqarib, meni ustimga siyishadi uni videoga olishadi, kameraga uyatsiz narsalar gapirishga majburlaydilar. Va yana bir bor advokatni chaqirsam, ular bu videoni boshqa mahbuslarga ko'rsatamiz deb tahdid qiladi. Ota, men bunday yashashdan charchadim, o’lganim yaxshi".

4-avgust 2021-yil. "Ota, militsionerlar meni doimo haqorat qiladilar: "o'zbek gandoni", "pidaras", "Markaziy Osiyodan kelgan odamlar Rossiyaga so'rishga keladi" deyishadi. Buni tinglashdan charchadim. Mana bu militsionerlar shunday deyishadi: Stepanov, Taratin, Krasnov, Morkovkin, Havetskiy, Fomin, Chernichkin, Duldaev, Saakyan.

Ota, bu xatni o'z qo'llarim bilan yozdim, Jo'rayev Jobir Botirovich".

5-avgust 2021-yil. "Ota, oyoqlarim va jinsiy a'zoimga simlar bog'lab tok urdirishdi, ikki oy qon siydim.

Ovqatimga dori qo'shib berishadi, jarima izolyatorida doimo noqonuniy ravishda qamab qo’yishadi. Militsionerlar: "bu "zona" rus emaslar uchun, biz xohlaganimizcha xo’rlaymiz, istasak — o'ldiramiz, istasak — zo'rlaymiz". Ular doimo shunday deyishadi, shunaqa gap ota, bunday yashashdan charchadim, shunaqa azob. Ota, agar o'lib qolsam, mendan rozi bo'ling. Jobir".

6-avgust 2021-yil. "Ota, meni ruhiy kasallar shifoxonasiga o'tkazishdi. Men kasal ekanligimni yozishga majbur bo'ldim. Aslida, men sog'lomman, azob chekishni to'xtatish uchun shunday yozishim kerak edi. Ular menga, yoki men o'zimni kasal deb yozaman yoki o'zimni o'ldirishimni aytdilar. Shuning uchun meni kasal deb yozdilar. Shunaqa gap, ota. Jobir.

Ota, bu yerda odam o'ldirdilar. Mening ko'zimning oldida. Ulardan biri 2018-yil iyul oyida, Ovakumyan Gor. 2019-yilda yana ikki kishi halok bo'ldi ota, bular meni ham o'ldiradilar.

Ota, 2017-yilda militsionerlar meni kaltakladilar, menga krest osib qo'yishdi, ustimga siyib, endi xristian ekanligimni aytishdi. Mening qo'llarim va oyoqlarimni bog'lab, 15 kun non berishmadi, ularning qog'oziga imzo chekishimga to'g'ri keldi. Ularning ismlari: Stepanov, Morkovkin, Xavetskiy, Krasnov".

Tarjima: Aziza Djurayeva